Andijon viloyati yuridik texnikumida «Huquqiy ong va huquqiy madaniyati yuksak yoshlar – kelajak bunyodkorlari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Hududlarda aholiga bepul huquqiy maslahatlar berish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida tashkil etilgan uchrashuvda Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi rahbari, yuridik fanlari doktori, professor Otabek Narziyev hamda texnikum direktori Dilshodbek Yuldashevlar ishtirok etdi.
Ochiq muloqot davomida Otabek Narziyev universitet huzurida tashkil etilgan Yuridik klinika maqsadi va vazifalari, faoliyat jarayonlari haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, “Ijtimoiy xavf guruhiga kiruvchi yoshlar muammolariga ko‘maklashuvchi yuridik klinika faoliyatini yo‘lga qo‘yish” grant loyihasi haqida batafsil tushunchalar berdi.
Klinika talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unligini ta’minlash, talabalarda amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish hamda jismoniy va yuridik shaxslarga beg‘araz yuridik maslahatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshirishni maqsad qilgan.
Yuridik klinika O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, yetakchi advokatlik firmasi, “Madad” – muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkilotlari bilan ham hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Davra suhbati davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan, sohaga doir bir qancha savollariga javob oldilar.
Shundan so‘ng texnikum mas’ullari hamda Otabek Narziyev texnikumda tashkil etilgan Yuridik klinika faoliyati bilan tanishib, kelgusidagi maqsad va rejalari yuzasidan fikr almashildi.