Hozirgi kunda davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish va fuqarolarning huquqlarini himoya qilish muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Davlat organlari faoliyati fuqarolar hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli davlat organlarining qaror qabul qilish jarayoni aniq va shaffof bo‘lishi zarur, Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilingan. Ushbu qonun davlat organlari tomonidan ma’muriy qarorlar qabul qilish tartibini belgilaydi va fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga xizmat qiladi. Mazkur qonun davlat organlari, fuqarolar hamda tashkilotlar o‘rtasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga soladi. Ma’muriy tartib-taomillar tizimi rivojlangan davlatlarda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishda muhim rol o‘ynaydi. O‘zbekistonda ham davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish jarayonida ushbu qonun qabul qilindi.
Ushbu qonunning qabul qilinishi quyidagi maqsadlarga xizmat qiladi: Xususan davlat organlari faoliyatini tartibga solish, fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonini soddalashtirish; korrupsiya va byurokratik to‘siqlarni kamaytirish; mazkur maqsadlarni amalga oshirish natijasida davlat organlari faoliyati yanada ochiq va shaffof bo‘lib borishi ta’minlanadi.
Mazkur Qonun quyidagi asosiy tushunchalarga ega:
Ma’muriy organ – davlat boshqaruvi organlari yoki ma’muriy vakolatlarga ega bo‘lgan tashkilotlar.
Ma’muriy ish yuritish – ma’muriy organ tomonidan muayyan masala bo‘yicha qaror qabul qilish jarayoni.
Ma’muriy hujjat – ma’muriy organ tomonidan qabul qilingan va fuqarolar hamda tashkilotlarning huquq va majburiyatlariga ta’sir qiluvchi qaror. Manfaatdor shaxs – ma’muriy qarordan manfaatdor bo‘lgan fuqaro yoki tashkilot.
Bu tushunchalar ma’muriy jarayonlarni tushunishda muhim ahamiyatga ega.
Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risidagi Qonun ma’muriy ish yuritishda quyidagi asosiy prinsiplarga asoslanadi:
Qonuniylik prinsipi – davlat organlari faqat qonunga asoslangan holda faoliyat yuritishi kerak.
Adolat prinsipi – ma’muriy qarorlar xolis va asosli bo‘lishi kerak.
Tenglik prinsipi – barcha fuqarolar qonun oldida teng hisoblanadi.
Ochiqlik va shaffoflik – fuqarolar ma’muriy jarayonlar haqida ma’lumot olish huquqiga ega.
Fuqarolar manfaatlarini himoya qilish – davlat organlari qaror qabul qilishda fuqarolarning huquqlarini hurmat qilishi zarur.
Bu prinsiplar davlat boshqaruvining demokratik asoslarini mustahkamlaydi.
Ushbu qonun davlat boshqaruvi tizimida muhim rol o‘ynaydi. U orqali davlat xizmatlari sifati oshadi, fuqarolar huquqlari himoya qilinadi, davlat organlari faoliyati yanada samarali bo‘ladi. Natijada davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonch mustahkamlanadi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi Qonuni davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishda muhim huquqiy hujjat hisoblanadi. Ushbu qonun davlat organlari faoliyatini tartibga soladi hamda fuqarolar va tashkilotlarning huquqlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Andijon viloyat ma’muriy
sudining sudyasi I.Matmusaуev
