Til – millat boyligi, millat qiyofasi. Hech qaysi inson ona tilini tanlamaydi. U inson bilan birga tug‘iladi.

Til – millat boyligi, millat qiyofasi. Hech qaysi inson ona tilini tanlamaydi. U inson bilan birga tug‘iladi.

Uzoq yillar ona tilimizga e’tibor susaygan edi, uning qadri, obro‘si haqida chuqur o‘ylab ko‘rilmadi. O‘zga tilda gaplashdik, boshqa tilda ish yuritdik, farzandlarimizni o‘z ona tilimizdan uzoqlashtirdik. O‘z tilimizdagi so‘zlarni bilmasligidan xavotirlanmadik, o‘zganing tilida so‘zlashishidan faxrlandik. O‘z tilimizni bilish uyat, boshqa tilni bilishimiz madaniyatlilik belgisi hisoblandi. Tilimizning boshqa tillar soyasida qolib ketgani achchiq haqiqat…

Mamlakatimizda “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun mustaqillikka erishmasimizdan avval qabul qilindi. Bu, albatta, katta jasorat edi. Ona tilimizni hayotimizda to‘laqonli joriy etish, uning mavqeyi va nufuzini oshirish choralari ko‘rildi. Biroq qonun o‘z davrida to‘laqonli bajarildi, deb aytolmaymiz. Davlat tilini hayotimizning barcha sohalariga tatbiq etishda muammolar va kamchiliklar bor edi.

Yaqin yillardan boshlab bu masala yangi islohotlar kun tartibiga qo‘yildi.

Davlat tili qoidalariga to‘laqonli amal qilmaslik, davlat tilida ish yuritmaslik barcha sohada mavjud kamchilik bo‘lsa, ko‘chalarda, tashkilot va inshootlar peshtoqidagi yozuvlarning boshqa tilda, imloviy xatolarda yozilishi, televidenieda, kino va turli ommaviy ko‘rsatuvlarda shevalarda gapirilishi, eng muhimi, yoshlarning o‘z ona tilini bilmasligi kabi jiddiy muammolar borgan sari jamiyatimizda ildiz ota boshladi.

Millatimiz madaniyati, azaliy qadriyatlarini, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish har doimgidan ko‘ra jiddiy masala bo‘lib yuzaga chiqa boshlagan bir paytda davlat tili borasida muhim islohotlar sari dadil qadam tashlandi.

Yangilanayotgan O‘zbekiston islohotlar maydonida ona tilimizni rivojlantirish borasidagi ezgu ishlar 2019 yil 21oktabr kuni “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni qabul qilinishi bilan boshlandi. 2020 yil 20 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Davlat tilini rivojlantirish departamenti, keyinchalik uning huzurida Atamalar komissiyasi faoliyati tashkil qilindi.

2020 yil 10 aprel kuni esa yana bir muhim tarixiy hujjat – “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni imzolandi.

Shuningdek, 2021 yil 10 fevralda Vazirlar Mahkamasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida 2023 yilning 1 yanvaridan barcha yozuvlar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tishi belgilangan.

O‘tgan yaqin yillar mobaynida davlat tilini rivojlantirish, o‘zbek tilining mavqeyini oshirishga qaratilgan 20 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Mazkur hujjatlarning mazmun-mohiyati mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va to‘g‘ri foydalanishga erishishga, davlat tilida ish yuritishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

O‘zbekiston Respublikasi “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida sud ishlarini yuritish o‘zbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tilda olib boriladi. Sud ishlari yuritilayotgan tilni bilmaydigan ishda ishtirok etuvchi shaxslarga tarjimon orqali ish materiallari bilan to‘la tanishish, sud harakatlarida ishtirok etish huquqi va sudda ona tilida yoki ular biladigan boshqa tilda so‘zlash huquqi ta’minlanadi”, deb belgilangan.

Ona tilimiz nufuzi va obro‘sini saqlash maqsadida, nafaqat davlat tilida ish yuritishga erishishimiz, balki o‘zbek tilining sofligi va jozibadorligini, nutq va so‘zlashish madaniyatiga ham dolzarb masala sifatida e’tibor qaratish maqsadga muvofiqdir.

Ayniqsa, Respublikamizdagi barcha yuridik texnikumlarda tahsil olayotgan bo‘lajak huquqshunos kadrlarni kelajakdagi tanlagan kasblarida samarali xizmat qilib, yaxshi natijalarga erishishlarida til leksikasi, saviyasi, shuningdek, ularning fikrni to‘laqonli, mazmunli, mantiqli ifodalash uchun o‘z ona tilini mukammal bilishi juda muhimdir.

“Til — tafakkur jamoli”, degan edi Abdurauf Fitrat. Tafakkurimiz yuksalib, fikrlash tarzimiz oshib borgani sayin tilimizning olmos qirralari o‘zini namoyon etaveradi.

Zafarbek Qodirov,

Andijon viloyati yuridik texnikumi

direktorining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari

Do`stlarga ulashing: