#Andijon viloyati yuridik texnikum o`quvchilari uchun sayyor sud majlisi tashkil etildi


#
Nazariya va amaliyot uyg‘unligi ta’minlanmoqda

So‘nggi yillarda mamlakatimizda yuridik ta’lim va fan tizimini tubdan takomillashtirish, ularning xalqaro ta’lim maydonidagi raqobatbardoshligini ta’minlash, yuridik kadrlar tayyorlash sifatini oshirish bo‘yicha bir qator aniq chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Bu borada klinik yuridik ta’limni rivojlantirish yo‘li bilan o‘quv jarayoni va huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rtasida uzviy aloqani ta’minlash – yuridik ta’lim va fanni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan.

Ana shu maqsadda, Andijon viloyat yuridik texnikumi tomonidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudi sudyasi E.Pirmatov raisligida Andijon viloyat adliya boshqarmasi majlislar zalida sayyor sud majlisi o‘tkazildi. O‘tkazilgan sayyor sud majlisida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan gumon qilinayotgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Sud majlisida ko`rib chiqilgan mazkur jinoyat ishi natijasiga ko`ra sudlanuvchi Р.Aning sodir etgan qilmishi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “a” bandiga asosan aybli deb topilib, unga nisbatan uch yuz soat majburiy jamoat ishlari jazosi tayinlandi.

Sud majlisi yakunida Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudi sudyalari E.Pirmatov hamda S.Rasulovlar tomonidan o`quvchi yoshlarga bugungi kunda yoshlar o`rtasida sodir etilayotgan jinoyatchilikning salbiy oqibatlari hamda sohaga oid yangi qonunchilik normalari haqida ma’lumotlar berib, o`quvchilarni qiziqtirgan savollariga javob qaytardilar.

Do`stlarga ulashing: