Sudlarda korrupsiya xavfini kamaytirishdagi interaktiv xizmatlarining o‘rni

Bugungi kunda, Respublikamizda sud‑huquq tizimi raqamlashtirish jarayonlari orqali tubdan o‘zgarishga yuz tutmoqda. Jarayonlarni avtomatlashtirish, hujjat almashinuvini elektron shaklga o‘tkazish, fuqarolarning onlayn huquqiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish orqali sud jarayonlarining shaffofligi, tezkorligi va korrupsiyaga qarshi kurasha olish samaradoriligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan 2025-yil 21-avgustda qabul qilingan “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF‑140-sonli farmoni qabul qilingan bo‘lib, farmon bilan sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, shuningdek, sudlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berishning kelgusi yillardagi ustuvor maqsadlari belgilab berilgan.

Farmonga muvofiq:

– sud ishlarini yuritishda qog‘oz shaklidan voz kechish maqsadida “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida ishlarning yuritilishini bosqichma-bosqich to‘liq elektron shaklga o‘tkazish;

– fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlarini oshirib borish, sud hujjatlaridan nusxa olish, sud ishlari bilan tanishish, arizaning sudga taalluqliligi va sudlovga tegishliligini aniqlash, sun’iy intellekt yordamida sud xarajatlarini hisoblash imkoniyatini yaratish, shuningdek, sud tomonidan taqiqlangan manba va kontentlarning elektron reyestrini yuritish;

– sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun zarur texnik infratuzilma yaratish, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish;

– Oliy sudning axborot tizimlari negizida sud hujjatlari arxivi modulini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;

– sudlar faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha «Kiber huquq» yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, shuningdek, sudyalar va sud apparati xodimlarining raqamli savodxonligi va malakasini doimiy oshirib borish;

– iqtisodiy sudlar tuzilmasini optimallashtirish orqali ularning faoliyati samaradorligini oshirish va yagona sud amaliyotini shakllantirish;

– “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida bosqichma-bosqich sud majlisi zallarini tashkil etish hamda aholi va sudyalar uchun qulay va zamonaviy shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, sudyalar va sud xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish ustuvor maqsadlar hisoblanadi.

Ma’lumki, sud sohasida inson omilini kamaytirishga bo‘lgan talab va qiziqishlar kundan kunga ortib bormoqda, dunyo hamjamiyatidagi rivojlangan davlatlar tajribasiga to‘xtaladigan bo‘lsak ayni barcha sohalarni xususan, sud-huquq sohasini texnika egallab borayotganini guvohi bo‘lamiz.

Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan yuqorida qayd etilgan o‘ndan ortiq interaktiv xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, Farmon bilan ushbu interaktiv xizmat doirasi yanada kengaytirilmoqda.

Jumladan, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga qulayliklar yaratish hamda sud ishlarini ko‘rishni soddalashtirish maqsadida belgilansinki, “Raqamli sud” konsepsiyasini amalga oshirish doirasida:

– sudga ariza berishdan oldin sun’iy intellekt yordamida sud muhokamasining taxminiy natijasi hamda sarflanadigan xarajatlar shakllantiriladi;

– murojaatlar sudga elektron shaklda yuboriladi;

– ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud binosiga tashrif buyurmaydi va sud muhokamalarida masofadan turib ishtirok etadi;

– taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga sud jarayonlarida ishga doir barcha materiallar bilan elektron shaklda tanishish imkoniyati yaratiladi;

– sud xarajatlari elektron shaklda hisoblanadi va to‘lanadi, shuningdek, ijro varaqalari avtomatik ravishda ijroga yuboriladi;

– sud ishlari zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda to‘liq elektron tarzda yuritiladi;

– sun’iy intellekt yordamida sud majlisi bayonnomalari real vaqt rejimida matn shaklida tayyorlanadi;

– sud hujjatlari loyihalari avtomatik shakllantiriladi.

O‘z navbatida sud sohasida bunday islohotlar taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga qo‘shimcha qulayliklar yaratib, sudda shaffoflikni ta’minlanishiga va byurokratiyani qisqarishiga sabab bo‘lib, natijada korrupsiya xavfini kamaytirishga olib keladi.

Andijon viloyat ma’muriy sudi sudyasi    Matmusaev Iqrorjon

Do`stlarga ulashing:

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan