Choʻlpon yodgorlik muzeyiga sayohat

Maʼrifatparvar jadid Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlpon oʻzbek milliy tafakkuri rivojiga ulkan hissa qoʻshgan ijodkor hisoblanadi. Uning adabiy merosi va nomini abadiylashtirish maqsadida 1997-yili tavalludining 100-yilligi munosabati bilan Andijon shahrida Choʻlpon yodgorlik muzeyi ochilgan.

Prezidentimizning 2022-yil 27-maydagi “Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek oʻquvchi-yoshlarning darsdan tashqari vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni mamlakatimizning tarixiy va diqqatga sazovor joylari, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishtirish maqsadida kuni kecha Andijon viloyati yuridik texnikumi oʻquvchilari uchun ushbu muzeyga sayohat uyushtirildi.

Oʻquvchilar muzey ekspozitsiyasida Andijon farzandi shoir, dramaturg, tarjimon Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlponning hayoti va faoliyati, ijodkorning bolalik davri, matbuotda bosilgan maqolalari, tarjimonlik asarlari bilan yaqindan tanishdilar.

Qayd etish lozim, kelgusida oʻquvchilar uchun viloyatdagi va qoʻshni viloyatlardagi tarixiy obidalar, qadamjolar, muzeylarga sayohatlar uyushtirish rejalashtirilgan.

Do`stlarga ulashing: