Andijon shahridagi «Limon arena» sport o‘yingohida mini-futbol bo‘yicha Andijon viloyati yuridik texnikumi talabalari uchun “Direktor kubogi” musobaqasi o‘tkazildi.
O‘quvchi-yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, sportning ushbu turiga qiziqishini yanada oshirish, shu orqali sportni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan musobaqada 10 ga yaqin jamoa yashil maydonda to‘p surdilar.
Qiziqarli va murosasiz kechgan bahslarning yakuniga ko‘ra, finalda 127-guruhning «Justice» jamoasi 128-guruhning «Adliya» jamoasini 3:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, “Direktor kubogi”ni qo‘lga kiritdi. Uchinchi o‘rin esa 31-guruhning «Adolat poydevori» jamoasiga nasib qildi.
Shuningdek, 131-guruh o‘quvchisi Ortiqov Nurillo «Eng yaxshi darvozabon», 127-guruh o‘quvchisi Oybekov Jamshid «Eng yaxshi himoyachi», 128-guruh o‘quvchisi G‘ofurov Asadbek «Eng yaxshi hujumchi» nominatsiyalarida g‘olib deb topildi.
G‘olib jamoalarni texnikum direktori Dilshodbek Yuldashev qutlab, kubok, diplom hamda nominatsiyalar bo‘yicha sovrindorlarga tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alarini topshirdi.