2020-2025 yillarda ijod maktablari faoliyati takomillashtiriladi

“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligining faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Hukumat qarori (240-son, 18.04.2020 y.) qabul qilindi.

Qaror bilan 2020-2025 yillarda ijod maktablari faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlandi.

Mamlakatimizning turli hududlarida yashayotgan o‘quvchi-yoshlar orasidan badiiy adabiyot va boshqa ijod sohalariga qiziqadigan, iqtidorlilarini saralash, ulardagi iste’dodni rivojlantirish uchun tegishli sharoit yaratish ijod maktablari faoliyatini rivojlantirishning maqsadlaridan biri hisoblanadi.

Shuningdek, qaror bilan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, Agentlik o‘z tizimidagi maktablarda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash, o‘qitish va tarbiyalash sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va samarali amalga oshirish uchun mas’ul davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

Agentlikka Bosh vazir taqdimnomasiga binoan Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.

Qarorga muvofiq, Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasining ma’muriy bino va inshootlari operativ boshqaruv huquqi asosida Agentlikka berildi.

Agentlik tizimidagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning kutubxona fondlari zarur umumta’lim fanlaridan darsliklar va o‘quv-metodik majmualari bilan bepul ta’minlanadi.

Do`stlarga ulashing: