Har bir sohaning oʻz ustasi, yetuk mutaxassislari bor. Ana shunday fidoyi insonlarning yillar davomidagi faoliyati va toʻplagan tajribasi yosh kasbdoshlari uchun ham oʻrnak, ham namuna boʻlishi lozim.
Sud-huquq sohasi faxriylariga hurmat-ehtirom koʻrsatib, ularning tajribasini yoshlarga yetkazish maqsadida Andijon viloyati adliya boshqarmasida yuridik texnikum oʻquvchilarining sud-huquq sohasi fidoiylari bilan “Uch avlod uchrashuvi” oʻtkazildi.
Tadbirni viloyat adliya boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Kamoldin Mashrapov kirish soʻzi bilan ochib, mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan sharoitlar va tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida soʻz yuritdi.
Tadbirda viloyat va respublikada uzoq yillar turli lavozimlarida ishlagan, bugun keksalik gashtini surayotgan mehnat faxriylari oʻz tajribasi hamda amaliyotida uchragan ziddiyatli vaziyatlarni ishtirokchilar bilan oʻrtoqlashdi. Ustozlar tomonidan kasbning maqomi masʼuliyat, halollik, fidoyilik, doimiy malaka oshirish va odob-axloq singari mezonlar bilan uzviy bogʻliq ekanligini taʼkidlandi.
Soʻzga chiqqan faxriylar uzoq yillik ish faoliyati davomida orttirgan bilim tajribalari bilan oʻrtoqlashdi. Ish jarayonida roʻy bergan esda qolarli va ibratli voqealarni soʻzlab berishdi.
Har qanday soha vakili uchun zahmatli faoliyati kasbdoshlari tomonidan eʼtirof etilishidan ortiq baxt boʻlmasa kerak.